Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining
2025-yil ___-avgustdagi 321-son buyrug'iga
1-ilova
O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tashkilotlarida tahsil olayotgan chet ellik talabalar o'rtasida o'zbek tilidan respublika olimpiadasini tashkil etish va o'tkazish tartibi to'g'risida NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” 2025-yil 20-oktabrdagi PQ–308-son qarori 7-bandi “b” kichik bandining ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo'lib, tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy bo'ysunuvidan qat'i nazar, barcha oliy ta'lim tashkilotlarida (keyingi o'rinlarda – oliygoh) tahsil olayotgan chet ellik talabalar o'rtasida o'zbek tilidan respublika olimpiadasini (keyingi o'rinlarda – Olimpiada) tashkil etish, o'tkazish hamda g'oliblarni rag'batlantirish tartibini belgilaydi.
2. Olimpiada har yili an'anaviy tarzda 21-oktabr – O'zbek tili bayrami kuniga qadar o'tkaziladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
- chet ellik talaba – O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tashkilotlarida bakalavriat yoki magistratura ta'lim bosqichida tahsil olayotgan xorijiy davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo'lmagan shaxs;
- o'zbek tilini bilish darajasi – ishtirokchining tinglab tushunish, o'qib tushunish, yozma va og'zaki nutq ko'nikmalari bo'yicha egallagan saviyasi (shartli ravishda A2, B1, B2 darajalari);
- axborot tizimi – ishtirokchilarni ro'yxatga olish, jarayonlarni monitoring qilish va natijalarni shaffof e'lon qilib borish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi o'rinlarda – Vazirlik) tomonidan yuritiladigan yagona elektron platforma;
- Olimpiada g'oliblari – Olimpiadaning respublika bosqichida 1, 2 va 3-o'rinlarni egallagan ishtirokchilar;
- ustoz – ishtirokchini Olimpiadaga tayyorlagan o'zbek tili va adabiyoti yoki davlat tili fani o'qituvchisi (professor-o'qituvchisi).
4. Olimpiada ilmiy-uslubiy yondashuv, adolatlilik, ochiqlik va barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish tamoyillari asosida tashkil etiladi.
5. Olimpiadada ishtirok etish ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Ishtirokchilar ta'lim yo'nalishi va kursidan qat'i nazar jalb etiladi.
6. Olimpiada uchun nazorat materiallarini ishlab chiqish, baholash mezonlarini tayyorlash hamda tashkiliy jarayonlarni muvofiqlashtirish Vazirlik huzuridagi Oliy ta'limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi (keyingi o'rinlarda – Markaz) tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti (keyingi o'rinlarda – bazaviy universitet) bilan birgalikda amalga oshiriladi.
7. Nazorat materiallari ishtirokchilarning o'zbek tilidagi kommunikativ kompetentsiyasini – til birliklarini nutq vaziyatlarida qo'llash, matn yaratish va milliy-madaniy bilimlarini qamrab olgan holda baholashga qaratiladi.
2-bob. Olimpiadaning maqsadi va asosiy vazifalari
8. Olimpiadaning maqsadi chet ellik talabalarda o'zbek tiliga qiziqishni oshirish, ularning til o'rganishdagi intilishlarini rag'batlantirish hamda o'zbek tilini yuqori saviyada egallagan iqtidorli talabalarni aniqlash va qo'llab-quvvatlashdan iborat.
9. Olimpiadaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
- chet ellik talabalarning o'zbek tilini o'rganishga bo'lgan motivatsiyasini kuchaytirish va til muhitiga moslashishiga ko'maklashish;
- ishtirokchilarning tinglab tushunish, o'qish, yozish va so'zlashish ko'nikmalarini xolis va shaffof baholash;
- o'zbek tili orqali O'zbekiston tarixi, madaniyati va adabiyotini targ'ib qilish, xalqlar o'rtasidagi do'stlik va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash;
- oliygohlarda chet ellik talabalarga o'zbek tilini o'qitish sifatini qiyosiy tahlil qilish va takomillashtirish;
- o'zbek tilini yuqori saviyada egallagan chet ellik bitiruvchilarni O'zbekiston va o'z davlatlari o'rtasidagi ilmiy, ta'limiy va iqtisodiy hamkorlikka jalb etish uchun zamin yaratish;
- Olimpiada jarayonlarida raqamli texnologiyalarni qo'llash orqali baholashning xolisligi va natijalarning ochiqligini ta'minlash.
3-bob. Olimpiadani tashkil etish va o'tkazish tartibi
10. Olimpiada ikki bosqichda tashkil etiladi:
- I bosqich (oliygoh bosqichi) – oliygohlarda tahsil olayotgan chet ellik talabalar o'rtasida o'tkaziladi. Unda 1, 2 va 3-o'rinlarni egallagan g'oliblar respublika bosqichiga tavsiya etiladi. I bosqichni yuqori saviyada o'tkazishga oliygoh rahbari shaxsan mas'ul hisoblanadi;
- II bosqich (respublika bosqichi) – I bosqich g'oliblari o'rtasida Vazirlik tomonidan belgilangan bazaviy universitetda o'tkaziladi.
11. Ishtirokchilarning respublika bosqichi o'tkaziladigan manzilga xavfsiz kelib-ketishlari va turar joyi bilan ta'minlanishiga talaba o'qiyotgan oliygoh rahbarlari mas'ul hisoblanadi.
12. Ishtirokchilarni ro'yxatga olish va ularning o'zbek tilini bilish darajasi haqidagi ma'lumotlar axborot tizimiga kiritiladi.
13. Olimpiada sinovlari quyidagi yo'nalishlarda o'tkaziladi:
- tinglab tushunish (audirovaniye) – o'zbek tilidagi matn yoki suhbatni eshitib tushunish;
- o'qib tushunish – yozma matn mazmunini tahlil qilish;
- leksik-grammatik test – til birliklarini qo'llash ko'nikmasi;
- yozma nutq – erkin yoki berilgan mavzuda insho (esse) yozish;
- og'zaki nutq – erkin mavzuda so'zlash va suhbat (respublika bosqichida);
- milliy-madaniy bilimlar – O'zbekiston tarixi, adabiyoti, urf-odatlari va maqol-matallarini bilish.
14. Sinovlar shakli, topshiriqlar soni, vaqti va har bir yo'nalish bo'yicha maksimal ball tashkiliy qo'mita tomonidan tasdiqlanadigan baholash mezonlarida belgilanadi.
15. Olimpiadada shaffoflikni ta'minlash talablari quyidagilar hisoblanadi:
- sinovlar o'tkaziladigan auditoriyalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi;
- jarayon davomida aloqa vositalari va qo'shimcha manbalardan foydalanish, shuningdek, ishtirokchilar o'zaro gaplashishi taqiqlanadi. Ushbu talablarni buzgan ishtirokchilar dalolatnoma asosida chetlashtiriladi;
- nazorat materiallari Olimpiada boshlangunicha oshkor etilmasligi ta'minlanadi;
- natijalar sinov o'tkazilgan kunning o'zida e'lon qilinadi.
4-bob. Tashkiliy qo'mita, hakamlar hay'ati va apellyatsiya komissiyasi
16. Olimpiadaning tegishli bosqichlarini tashkil etish va o'tkazish uchun Vazirlik hamda oliygohlar tomonidan tashkiliy qo'mitalar, hakamlar hay'atlari va apellyatsiya komissiyalari tuziladi.
17. Tashkiliy qo'mitaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
- Olimpiada o'tkaziladigan joy, muddat va tartibni belgilash va tasdiqlash;
- hakamlar hay'ati va apellyatsiya komissiyasi tarkibini o'zbek tili va adabiyoti sohasining yuqori malakali mutaxassislari orasidan shakllantirish;
- nazorat turlari, shakllari, muddatlari va baholash mezonlarini tasdiqlash;
- respublika bosqichi uchun nazorat materiallari tayyorlanishini Markaz va bazaviy universitet bilan muvofiqlashtirish;
- ishtirokchilar va ularning ustozlari haqidagi ma'lumotlarning axborot tizimiga kiritilishini ta'minlash.
18. Hakamlar hay'ati:
- nazorat materiallarini ekspertizadan o'tkazadi va yakuniy variantlarni tanlaydi;
- ishtirokchilarning ishlarini tasdiqlangan mezonlar asosida xolisona baholaydi hamda natijalarni sinov o'tkazilgan kunning o'zida e'lon qiladi;
- ballar ketma-ketligi asosida 1, 2 va 3-o'rinlarni egallagan g'oliblarni aniqlaydi va yakuniy qarorni tashkiliy qo'mitaga taqdim etadi.
5-bob. Apellyatsiya komissiyasini tashkil etish
19. Olimpiada natijalaridan norozi bo'lgan ishtirokchilar natijalar e'lon qilingan kunning o'zida apellyatsiya komissiyasiga yozma murojaat (shikoyat) berishlari mumkin.
20. Apellyatsiya komissiyasi kamida besh nafar toq sonli a'zodan iborat tarkibda, tashkiliy qo'mita va soha mutaxassislaridan tuziladi. Hakamlar hay'ati a'zolarining apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yo'l qo'yilmaydi.
21. Apellyatsiya komissiyasi yig'ilishi unda a'zolarning yarmidan ko'pi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi hamda murojaatni ko'rib chiqib, natijani o'zgarishsiz qoldirish yoki baholash natijasini o'zgartirish to'g'risida qaror qabul qiladi.
22. Komissiya qarori bayonnomada qayd etilib, rais va a'zolar tomonidan imzolanadi hamda shu kunning o'zida murojaat etuvchiga xabardor qilinadi. Ishtirokchi komissiya qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
6-bob. G'oliblarni va ularning ustozlarini rag'batlantirish hamda moliyalashtirish tartibi
23. Olimpiadaning respublika bosqichi g'oliblari 1, 2 va 3-darajali diplomlar bilan taqdirlanadi.
24. G'oliblar va ularning ustozlariga beriladigan pul mukofotlari, hakamlar hay'ati hamda apellyatsiya komissiyasi a'zolariga to'lanadigan haqlarni moliyalashtirish manbalari, shuningdek, ularning miqdorlari Tashkiliy qo'mita tomonidan belgilanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Olimpiadani tashkil etishda xavfsizlik qoidalari hamda sanitariya normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishiga tegishli oliygoh rahbarlari mas'ul hisoblanadi.
26. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo'lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Ro'yxatdan o'tish
Olimpiadaga ariza topshirish uchun bosh sahifadagi tadbirni tanlang yoki Telegram bot orqali ro'yxatdan o'ting.